Sport

Abbosbek Fayzullayevning to‘yi qanday o‘tdi — video

Abbosbek Fayzullayevning to‘yi qanday o‘tdi — video
Manba: Instagram/ Gold Vision Group

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayevning to‘yi bir necha bosqichda o‘tkazildi. Marosimlardan olingan video hamda suratlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Toshkent shahridagi tantanali marosimda sport va futbol olamining taniqli vakillari qatnashdi.

To‘yda Fayzullayevning milliy terma jamoadagi safdoshi, «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov ham ishtirok etdi. Marosimning eng ko‘p muhokama qilingan lavhalaridan birida kuyov Husanovga o‘z qo‘li bilan osh yedirgani aks etgan. Ushbu samimiy holat muxlislar tomonidan ikki futbolchining maydon tashqarisidagi yaqin do‘stligining ifodasi sifatida iliq kutib olindi.

Foto: Gold Vision Group

Kuyovnavkar marosimida Fayzullayevning do‘stlari va yaqinlari kelin tomon yo‘l olgani, safar davomida bayramona muhit hukm surgani ko‘rinadi. Videolarda an’anaviy kuyov oshi, do‘stlarning hazil-mutoyibasi va yoshlarni tabriklash jarayonlari ham aks etgan.

Abbosbek Fayzullayev kimga uylandi?

Futbolchiga yaqin manbalarning Kursiv’ga ma’lum qilishicha, Abbosbek Fayzullayevning turmush o‘rtog‘i 21 yoshli Nisobonu bo‘lib, u Namangan viloyatining Chust tumanidagi Varzik qishlog‘ida tug‘ilgan.

Juftlikning fotiha marosimiga oid ilk tasvirlar may oyida internetda tarqalgan edi. Keyinchalik Fayzullayev JCh – 2026 da Kolumbiya darvozasiga urgan tarixiy golini oilasi va o‘sha paytdagi bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga bag‘ishlaganini aytgandi. To‘y lavhalarida futbolchi va Nisobonu birgalikda mehmonlarning tabriklarini qabul qilgan.

Futbolchi haqida

Abbosbek Fayzullayev 2003-yil 3-oktabrda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. U bolaligida Toshkentga ko‘chib, «Paxtakor» akademiyasida futbol sirlarini o‘rgangan. Professional futboldagi debyutini 2021-yilda aynan «Paxtakor» safida o‘tkazgan.

Yarim himoyachi 2023-yilda Moskvaning «SSKA» klubiga transfer qilindi. Rossiyada u texnikasi, tezkor qaror qabul qilishi va hujumlarni tashkil etish qobiliyati bilan jamoaning muhim futbolchilaridan biriga aylandi. «SSKA» bilan Rossiya kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi, mamlakat chempionatida esa sovrindor bo‘ldi.

Keyinchalik Fayzullayev Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga o‘tdi. U yangi jamoasida hujumkor yarim himoyachi va qanot futbolchisi sifatida faoliyat olib bormoqda. Futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham asosiy vakillaridan biri hisoblanadi.

Fayzullayev 2023-yilda O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bilan Osiyo kubogida chempion bo‘ldi. JCh – 2026 da esa Kolumbiyaga qarshi bahsda gol urib, O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi ilk goli muallifiga aylandi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Abbosbek Fayzullayev kimga uylangani haqida yozgan edi.