Yangiliklar

AQShdagi O‘zbekiston elchisi Braziliyaga ham elchi etib tayinlandi

Elchining asosiy qarorgohi Vashingtonda joylashgan
AQShdagi O‘zbekiston elchisi Braziliyaga ham elchi etib tayinlandi / Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov Braziliyaga ham Favqulodda va muxtor elchi etib tayinlanib, Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Marosimda Braziliya Tashqi ishlar vazirligi hamda prezident ma’muriyati vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv chog‘ida Braziliya prezidenti O‘zbekiston prezidenti va butun o‘zbek xalqiga samimiy salomi hamda ezgu tilaklarini yo‘lladi. Braziliya tomoni O‘zbekistonni ishonchli hamkor sifatida baholab, ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Shuningdek, oliy darajadagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Mezbonlar O‘zbekistonning BMT, BRIKS va boshqa xalqaro maydonlarda Braziliya tashabbuslarini izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tashrif doirasida elchi Furqat Sidiqov Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauru Viyeyra, Taraqqiyot, sanoat, savdo va xizmatlar vazirligi rahbari, prezident maslahatchisi Rojeriu Zerbone, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Serjiu Klibank hamda «ApexBrasil» davlat agentligi prezidenti Jorje Viana bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish hamda Rio-de-Janeyroda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonning birinchi Savdo uyidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zbek mineral o‘g‘itlari eksportini yo‘lga qo‘yish, geologiya, oliy ta’lim va sport sohalarida hamkorlikni faollashtirish, O‘zbekiston mahsulotlarining Braziliya bozoriga kirishini kengaytirish va savdoni soddalashtirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jazoir O‘zbekistonga yangi elchi yuborgani haqida yozgan edik.