Sport

Olimpiada chempioni YTH sodir etganlikda ayblanmoqda

Toyota Land Cruiser avtomobili ishtirokida
Bokschi Daniyar Yeleusinov YTH sodir etganlikda ayblanmoqda
Foto: Getty images

Qozog‘iston poytaxti Ostonada Toyota Land Cruiser avtomobili ishtirokida ikkita yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi voqea joyidan yashiringan. Bu haqda Kazinform xabar berdi.

Politsiya tezkor-qidiruv tadbirlari davomida avtomobilning joylashuvini aniqlab, haydovchini Do‘stlik ko‘chasida ushlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobilni 35 yoshli Olimpiya chempioni, bokschi Daniyar Yeleusinov boshqargani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Biroq Ostona politsiyasi bu ma’lumotni rasman tasdiqlamadi. Shuningdek, ushlangan haydovchining ismi ham oshkor etilmadi.

Hodisada jabrlanganlar yo‘q

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Hozir holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv yakunida haydovchining harakatlariga huquqiy baho beriladi va Qozog‘iston qonunchiligiga muvofiq chora ko‘riladi.

Politsiya teng javobgarlik tamoyilini eslatdi

Ostona politsiyasi «Qonun va tartib» tamoyili barcha uchun bir xil amal qilishini ta’kidladi. Qayd etilishicha, shaxsning mashhurligi, kasbi, lavozimi yoki xizmatlari uni javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Mashrabjon Ro‘ziboyevning navbatdagi jangi tafsilotlari ma’lum bo‘lgandi. U 11-iyul kuni Rossiya poytaxti Moskvadagi Vegas City majmuasida o‘tkaziladigan Open FC 67 turnirida oktagonga chiqadi.