
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida zamonaviy «Beldersoy Resort and Spa» tog‘ kurorti kompleksi ochildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.


130 million dollarlik loyiha
Kurort infratuzilmasi xalqaro talablar asosida barpo etilgan bo‘lib, loyihaga investorlar tomonidan jami $130 mln yo‘naltirilgan. Majmua tarkibida 109 ta mehmonxona xonasi, 40 ta premium toifadagi kottej, kanat yo‘llari, 3,5 kilometr uzunlikdagi tog‘ chang‘isi trassasi, sog‘lomlashtirish majmuasi, yopiq SPA markazi, trenajyor zali hamda zamonaviy restoranlar mavjud.


Turizm salohiyati oshiriladi
Ochilish marosimida ta’kidlanishicha, majmuaning ishga tushirilishi O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar geografiyasini kengaytirish, tog‘ va ekoturizm yo‘nalishlarini xalqaro bozorda faol targ‘ib etish, turistlar oqimini ko‘paytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, bunday loyihalar sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirish va turizm eksportini oshirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergelida 30 mln dollarlik xususiy tibbiyot markazi ish boshlagani haqida yozgan edik.