
Chevrolet Damas 3 O‘zbekiston bozorida yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan ikki xil versiyada taklif etilgan edi. Mikrovenning boshlang‘ich narxi 134 mln 439 ming so‘m etib belgilangan.
Yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan versiyalar
Chevrolet Damas 3 ikki xil modifikatsiyada sotiladi. Move versiyasi yo‘lovchi tashishga, Max esa tijorat yuklarini yetkazishga mo‘ljallangan.

Yo‘lovchi modeli ixcham oilaviy avtomobil izlayotgan xaridorlarga, yuk versiyasi esa savdo, xizmat ko‘rsatish va kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilarga yo‘naltirilgan. Avtomobilning ixcham o‘lchamlari shaharda harakatlanish va tor hududlarda to‘xtashni yengillashtiradi.
Nashrning ta’kidlashicha, Damas 3 narxi va foydalanish imkoniyatlari uyg‘unligi bilan yangi tijorat avtomobillari orasida e’tibor qozonishi mumkin.
Ikki xil dvigatel va mexanik uzatmalar qutisi

Model Wuling Hongguang V platformasi asosida ishlab chiqilgan. Dvigatellar qatoriga 81 ot kuchiga ega 1,2 litrli hamda 103 ot kuchi ishlab chiqaradigan 1,5 litrli benzin agregatlari kiradi.
Har ikki dvigatel mexanik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Komplektatsiyaga qarab besh yoki olti bosqichli transmissiya taklif etiladi. Bu xaridorga avtomobilni shahar ichidagi kundalik qatnov yoki muntazam yuk tashish vazifalariga moslab tanlash imkonini beradi.
Chevrolet Damas 3 elektr kuchaytirgichli rul, ABS va EBD tizimlari, ikkita xavfsizlik yostiqchasi hamda radio, USB va Bluetooth’ni qo‘llab-quvvatlaydigan multimedia tizimi bilan jihozlangan.
Ishlab chiqarish Pitnakda yo‘lga qo‘yilgan

Yangi model UzAuto Motors’ning Xorazm viloyati Pitnak shahridagi zavodida ishlab chiqariladi. Mahalliy ishlab chiqarish ehtiyot qismlar yetkazib berish, servis xizmatlari va avtomobillar ta’minotini barqarorlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Damas 3’ning bozorga chiqishi O‘zbekistondagi budjet tijorat avtomobillari segmentida raqobatni kuchaytirishi mumkin. Modelning narxi, sodda texnik tuzilishi va ikki xil kuzov varianti uni ham oilalar, ham tadbirkorlar uchun amaliy tanlovga aylantiradi.
Teknik imkoniyatlar
Chevrolet Damas 3 orqa uzatmali, atmosfera dvigatelli mikroven bo‘lib, yuk va yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan bir nechta versiyada taklif etiladi. Model komplektatsiyaga qarab 2, 7 yoki 8 o‘rindiqli bo‘lishi mumkin.
Avtomobilning uzunligi 4425 mm, kengligi 1670 mm, balandligi 1860 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2850 mmga teng. Damas 3’ning yuk ko‘tarish quvvati 650 kg, yonilg‘i baki hajmi esa 45 litrni tashkil qiladi.
Modelga 1,2 va 1,5 litrli to‘rt silindrli atmosfera benzin dvigatellari o‘rnatiladi. 1,2 litrli agregat 60 kVt yoki 81 ot kuchi, 1,5 litrli motor esa 76 kVt yoki 103 ot kuchi ishlab chiqaradi. Maksimal aylantiruvchi moment mos ravishda 120 va 140 Nmga teng.
Dvigatel turiga qarab avtomobil besh yoki olti bosqichli mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi. Rul boshqaruvida elektr kuchaytirgich qo‘llanilgan.

Narxlar
| Model | Komplektatsiya | Narxi |
|---|---|---|
| Damas Max Van | 1.2 LV0 | 134 439 000 so‘m |
| Damas Max Van | 1.5 LV0 | 142 471 000 so‘m |
| Damas Move Pass | 1.2 LV0 | 139 675 000 so‘m |
| Damas Move Pass | 1.2 LV1 | 144 563 000 so‘m |
| Damas Move Pass | 1.5 LV0 | 149 011 000 so‘m |
| Damas Move Pass | 1.5 LV1 | 154,1 mln so‘m |
Avvalroq «Kursiv» nashri Chevrolet Damas haqida siz bilmagan qiziqarli faktlarni haqida yozgan edi.