
Jahon chempionati–2026 chorak finalida Fransiya va Marokash terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng Londonda yuz bergan tartibsizliklarda bir nafar politsiyachi boshidan jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi.
Yo‘llar to‘sildi, politsiyaga hujum qilindi
Britaniya OAV xabariga ko‘ra, bir guruh shaxslar Londonning shimoli-g‘arbiy qismida yo‘lni to‘sib, transport harakatini izdan chiqargan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilarga butilkalar va boshqa buyumlar uloqtirilgan, shuningdek mushaklar otilgan.
Politsiyachi shifoxonaga yotqizildi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, politsiyachi boshiga shisha butilka tegishi oqibatida jarohat olgan. Hozircha boshqa jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
To‘rt kishi qo‘lga olindi
Huquq-tartibot idoralari tartibsizliklarda ishtirok etganlikda gumonlanib to‘rt nafar shaxsni qo‘lga oldi. Shundan so‘ng olomon tarqalgan va tungi soat 01:00 atrofida yo‘l harakati to‘liq tiklangan.
Politsiya bunday tartibsizliklar va xodimlarga nisbatan hujumlarga murosasiz munosabatda bo‘lishini ta’kidladi.
Fransiya yarim finalga chiqdi
Chorak final bahsida Fransiya terma jamoasi Marokashni 2:0 hisobida mag‘lub etib, Jahon chempionati yarim finaliga yo‘l oldi. Endi fransuzlar Ispaniya va Belgiya uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fransiyaning janubidagi nazoratdan chiqqan o‘rmon yong‘ini 10 mingdan ortiq odamlarning evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘lgani haqida yozgandi.