Sport

Fransiya yarim finalda! Mbappe va Dembelening gollari Marokashni taslim etdi

Boston shahrida bo‘lib o‘tgan chorak final uchrashuvida Fransiya terma jamoasi Marokashni 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Kilian Mbappe / Foto: FIFA.com

AQShning Boston shahrida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining chorak final bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda Kilian Mbappe yetakchiligidagi Fransiya terma jamoasi Marokash ustidan 2:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishib, yarim finalga yo‘l oldi.

Uchrashuv kutilganidek fransuzlarning ustunligida o‘tdi. O‘yinning 27-daqiqasida yevropaliklar hisobni ochish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘lishdi, biroq Mbappe penaltidan unumli foydalana olmadi. Marokashliklar darvozaboni Yassin Bunu qahramonlik ko‘rsatib, to‘pni qaytardi.

Foto: FIFA.com

Shunga qaramay, ikkinchi bo‘limda Dide Desham shogirdlari o‘z maqsadiga erishdi. 60-daqiqada Mbappe o‘z xatosini to‘g‘rilab, jarima maydonchasi tashqarisidan yo‘llagan ajoyib buralma zarbasi bilan hisobni ochdi. Oradan bor-yo‘g‘i 6 daqiqa o‘tib, 66-daqiqada xuddi shu Mbappening uzatmasidan so‘ng Usmon Dembele uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab, o‘yinga mantiqiy nuqtani qo‘ydi — 2:0.

Foto: FIFA.com

Marokash terma jamoasi o‘yin davomida munosib qarshilik ko‘rsatishga urindi, biroq jamoa o‘yin burilishini amalga oshira olmadi. Ma’lumot uchun, fransuzlar yarim finalda Ispaniya va Belgiya uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.

Avvalroq Kursiv nashri Shveysariya penaltilar seriyasida Kolumbiyani mag‘lub etib, chorak finalga yo‘llanma olgani haqida xabar bergan edi.