Mashhurlar

G‘aybulla Tursunov Abbosbek Fayzullayev bilan tushgan rasmlarini ulashdi

G‘aybulla Tursunov Abbosbek Fayzullayev bilan tushgan rasmlarini ulashdi
Foto: Instagram/ Tursunov

Xonanda G‘aybulla Tursunov O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari bilan tushgan suratlarini Instagram sahifasida e’lon qildi. U Abbosbek Fayzullayev bilan birga tushgan fotosuratga terma jamoaning 2026-yilgi jahon chempionatidagi tarixiy ishtiroki haqida fikr bildirdi.

San’atkorning ta’kidlashicha, ushbu futbolchilar O‘zbekiston nomidan mundialda maydonga tushgan ilk avlod sifatida tarixda qoladi.

«Nimasi bilan qadrli ekanini bilasizlarmi? Bu yigitlar jahon chempionatida qatnashgan birinchi o‘zbek futbolchilari bo‘lishdi. Biz ularni ilk o‘zbeklar sifatida eslab qolamiz. Yillar o‘tgan sari bu yigitlarning qadri yanada ortib boraveradi», deb yozdi Tursunov.

Foto: Instagram/ Tursunov

Xonanda Abbosbek Fayzullayevdan tashqari O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupov va sardori Eldor Shomurodov bilan tushgan suratlarini ham obunachilari bilan bo‘lishdi.

San’atkor haqida

Foto: Instagram/ Tursunov

G‘aybulla Tursunov 1994-yil 3-yanvarda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan o‘zbek estrada xonandasi. U milliy ohanglar va zamonaviy estrada uslubini uyg‘unlashtirgan qo‘shiqlari bilan tanilgan. San’atkorning rasmiy sahifalarida uning ijodi samimiy vokal, hayotiy mavzular va o‘zbek musiqa an’analariga e’tibor bilan ajralib turishi qayd etiladi.

O‘zbekistonning mundialdagi ishtiroki

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatida o‘z tarixida ilk bor qatnashdi. Jamoa Portugaliya, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi bilan K guruhidan joy oldi.

Foto: Instagram/ Tursunov

Vakillarimiz dastlabki uchrashuvda Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ikkinchi turda Portugaliya O‘zbekistonni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida esa Kongo Demokratik Respublikasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, O‘zbekiston uch uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchrab, guruh bosqichida turnir bilan xayrlashdi.

Natijalar kutilgan darajada bo‘lmaganiga qaramay, O‘zbekistonning mundialdagi ilk ishtiroki mamlakat futboli tarixidagi muhim voqea bo‘lib qoldi. Terma jamoa futbolchilari, jumladan Abbosbek Fayzullayev, O‘tkir Yusupov va Eldor Shomurodov jahon chempionatida O‘zbekiston nomidan maydonga tushgan ilk avlod vakillari sifatida tarixga kirdi.

Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayev kimga uylanayotgani haqida yozgan edi.