Yangiliklar

Homilador va yosh onalar uchun oliy ta’limda qanday imkoniyatlar mavjud

Prezident farmoniga muvofiq
Homilador va yosh onalar uchun oliy ta’limda qanday imkoniyatlar mavjud / Foto: Kursiv Uzbekistan

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar hamda 3 yoshgacha farzandi bor talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tartiblar joriy etiladi. Bu haqda «Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti ma’lum qildi.

2026-yil 3-martdagi prezidentning PF–33-son farmoniga muvofiq, homilador talaba-qizlar hamda 3 yoshgacha farzandi bor talabalar uchun ta’limni davom ettirish imkoniyatlari kengaytiriladi. Yangi tartiblar oilaviy sharoit sabab ta’limdan uzilib qolish xavfi bo‘lgan yosh onalarni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Ta’limni davom ettirish imkoniyati

Yangi tartibga ko‘ra, kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan homilador talaba-qizlar hamda 3 yoshgacha farzandi bor talabalar fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan, istisno tariqasida, o‘qishini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ularga fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha muddat va zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Akademik ta’til va masofaviy ta’lim

Homilador talaba-qizlar va 3 yoshgacha farzandi bor talabalar akademik ta’til davrida ham o‘z xohishiga ko‘ra masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, aynan ushbu toifadagi yosh onalar uchun masofaviy ta’lim yo‘nalishlari va qabul kvotalari ham oshiriladi.

Alohida statistika yuritiladi

Yangi tartibga muvofiq, akademik ta’tilga chiqqan, kursdan qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan homilador talaba-qizlar hamda 3 yoshgacha farzand tarbiyalayotgan talabalar bo‘yicha alohida statistik ma’lumotlar yuritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «dekret» puli miqdorini qanday qilib onlayn tekshirish mumkinligi haqida yozgan edik.