
Navoiy viloyatining Karmana tumanidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosida cho‘kib ketgan uch nafar fuqaroning jasadi topildi. Bu haqda Navoiy viloyati FVB xabar berdi.
Hodisa 8-iyul kuni soat 13:50 da «Katta masjid» mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, uch nafar fuqaro daryoga cho‘milish uchun borgan va ehtiyotsizlik oqibatida cho‘kib ketgan.
Qidiruv ishlariga g‘avvoslar jalb qilindi
Xabar kelib tushgach, voqea joyiga Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus qutqaruv otryadi, g‘avvoslar va boshqa tegishli xizmatlar yetib borgan.
Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 10-iyul kuni uchala fuqaro ham Zarafshon daryosining Karmana tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismidan topilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida 3 yoshli bola bog‘cha hududidagi suv havzasiga tushib ketib, hayotdan ko‘z yumgandi. Unga ko‘ra, hodisa 2026-yil 5-iyun kuni Payariq tumani «Sarbazor» MFYda joylashgan «Yulduzcha» nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan.