
Jahon banki O‘zbekistonda logistika, turizm va farmatsevtika xususiy investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish uchun eng katta salohiyatga ega sohalar ekanini qayd etdi.
Bankning yangi tahliliy hisobotiga ko‘ra, ushbu uch yo‘nalishda maqsadli islohotlarni amalga oshirish orqali mamlakatda 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish mumkin.
Ekspertlar O‘zbekistonda 2017-yildan buyon olib borilayotgan bozor islohotlari ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilganini ta’kidladi. Biroq «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun raqobatni cheklayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, malakali mutaxassislar tayyorlash, infratuzilmani rivojlantirish va tartibga solish tizimini takomillashtirish zarur.
Logistika sohasida avtomobil orqali yuk tashish va ombor infratuzilmasini rivojlantirish eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatilgan. Yer ajratish hamda qurilish tartiblarini soddalashtirish, xalqaro yuk tashish ruxsatnomalarini raqamlashtirish orqali sohaga $950 mln dan $1,05 mlrd gacha xususiy investitsiya jalb etish mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, logistika yo‘nalishidagi islohotlar 108 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratishi mumkin. Bu O‘zbekistonning «O‘rta yo‘lak» xalqaro transport yo‘nalishidagi muhim savdo va tranzit markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Turizm va farmasevtika
Turizmda esa madaniy va ekologik yo‘nalishlarning hali to‘liq ishga solinmagan katta salohiyati mavjud. Yer ijarasi mexanizmlarini yaxshilash, malakali kadrlar tayyorlash va turistik obyektlarni samarali boshqarish orqali sohaga $3,1 mlrd dan $4,2 mlrd gacha xususiy sarmoya jalb qilish mumkin.
Natijada turizmda 120 mingdan 180 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratilishi, sayyohlar oqimi diversifikatsiya qilinishi va sohaning iqtisodiy samaradorligi oshishi mumkin.
Farmatsevtika ham xususiy kapital, ishlab chiqarish va yuqori malakali bandlikni kengaytirish imkoniyatiga ega ustuvor tarmoqlardan biri sifatida qayd etilgan. Jahon banki ushbu yo‘nalishlarda aniq va izchil islohotlar O‘zbekistonning xususiy sektor yetakchilik qiladigan raqobatbardosh iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtirishini ta’kidladi.
Avvalroq «Kursiv» MICE turizmi tadbirlarini o‘tkazgan tadbirkorlarga QQSning 50 foizi qaytarilishi haqida yozgan edi.