
Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida voyaga yetmagan bolalarga ruxsatsiz diniy ta’lim berish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaro hech qanday maxsus diniy ma’lumot va tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan holda o‘z xonadonida bolalarga diniy saboq berib kelgani aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u joriy yil iyun oyidan buyon Denov va Oltinsoy tumanlaridan kelgan 2011–2019-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 22 nafar voyaga yetmagan bolani o‘qitgan. Bolalar ushbu manzilda sanitariya-gigiyena talablariga zid sharoitda yashab, saboq olgan. Buning uchun 500 ming so‘mdan $100 gacha oylik to‘lov belgilangan.
Farg‘onada ham

Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida ham qayd etildi. 1971-yilda tug‘ilgan ayolning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u Bag‘dod va Yozyovon tumanlaridan kelgan besh nafar voyaga yetmagan bolaga ruxsatsiz diniy ta’lim berayotgani aniqlangan.
Bolalar 2011–2017-yillar oralig‘ida tug‘ilgan bo‘lib, ularga joriy yil may oyi oxiridan buyon saboq berib kelingani aytilmoqda. O‘qitish jarayonida foydalanilgan adabiyotlar tekshirish uchun ashyoviy dalil sifatida olingan.
Har ikki holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, bolalarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan ma’muriy choralar ko‘rilgan. Ular bilan profilaktik suhbatlar ham o‘tkazilgan.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentda 11 kg gashish moyi olib o‘tilishi to‘xtatilgani haqida yozgan edi.