Yangiliklar

O‘zbekistonda AI-95 benzini Markaziy Osiyodagi eng qimmat narxda sotilmoqda

Shunga qaramay, ko‘rsatkichlar jahondagi o‘rtacha narxdan 8,7 foizga past
O‘zbekistonga benzin importi bir yilda ikki baravar oshdi
O‘zbekistonda AI-95 benzini Markaziy Osiyodagi eng qimmat narxda sotilmoqda / Foto: Autonews.ru

GlobalPetrolPrices ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda AI-95 markali benzin narxi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori hisoblanadi.

Jahon va O‘zbekiston ko‘rsatkichlari

2026-yil 6-iyul holatiga ko‘ra, dunyoda AI-95 markali benzinning bir litri o‘rtacha $1,47 ni tashkil etgan. O‘zbekistonda esa ushbu ko‘rsatkich $1,342 ga teng bo‘lib, bu jahon o‘rtacha narxidan 8,7 foizga pastdir.

Markaziy Osiyoda eng qimmat benzin O‘zbekistonda

Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida AI-95 markali benzin eng qimmat O‘zbekistonda sotilmoqda. Taqqoslash uchun, Turkmanistonda uning bir litri $0,428, Qozog‘istonda $0,687, Qirg‘izistonda esa $1,016 ni tashkil etgan.

Infografika: GlobalPetrolPrices ma’lumotlari asosida tayyorlandi

Benzin eng arzon va eng qimmat davlatlar

AI-95 benzini eng arzon davlatlar qatoriga Liviya ($0,023), Eron ($0,029), Venesuela ($0,035), Angola ($0,327), Quvayt ($0,339), Jazoir ($0,353), Turkmaniston, Misr ($0,492), Qatar ($0,576), Saudiya Arabistoni ($0,621), Ummon ($0,622), Iroq ($0,649), Bahrayn ($0,655) va Ozarbayjon ($0,676) kirdi.

Eng yuqori narxlar esa Gonkongda $4,06, Malavida $3,235, Daniyada $2,604, Isroilda $2,545, Niderlandiyada $2,52 hamda Finlyandiyada $2,45 etib qayd etildi.

AQSh, Xitoy va Rossiyadagi narxlar

Taqqoslash uchun, 2026-yil 6-iyul holatiga AQShda AI-95 benzini narxi $1,094, Xitoyda $1,136, Rossiyada esa $0,943 ni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston AI-95 benzini narxini davlat nazoratidan chiqargani haqida yozgan edik.