
2026-yil mart oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozordagi uy-joylar narxi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan AQSh dollarida 9,4 foizga, milliy valyutada esa 3 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Yangi qurilgan uy-joylar narxi ham o‘sishda davom etgan. Xususan, yangi uylar AQSh dollarida 8,1 foizga, so‘mda esa 1,8 foizga qimmatlashgan.
Shu bilan birga, ijara bozori ham o‘sishni qayd etdi. Respublika bo‘yicha ijara narxlari AQSh dollarida 9,5 foizga, milliy valyutada esa 3,1 foizga oshgan. Toshkent shahrida esa o‘sish nisbatan past bo‘lib, ijara narxi dollar hisobida 6,9 foizga, so‘mda esa 0,6 foizga ko‘tarilgan.
Narxlarning oshishi xaridorlar faolligining yuqoriligi bilan birga kuzatilmoqda. 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 110,1 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 48,4 foizga ko‘p.
Eng ko‘p bitim Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda 32,8 mingta bitim tuzilib, bu mamlakat bo‘yicha jami bitimlarning qariyb 30 foizini tashkil etgan. Shuningdek, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlari ham yetakchilar qatoridan joy olgan.
Bozor uchun ayniqsa mart oyi faol kechgan. Bir oy davomida mamlakat bo‘yicha 47,3 mingta oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 2,1 baravar ko‘pdir. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo, Namangan, Andijon va Buxoro viloyatlarida kuzatilgan.
Shuningdek, ipoteka kreditlari hajmi ham sezilarli oshgan. Yanvar – mart oylarida banklar tomonidan jami 5,7 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 29 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1991-yilgacha qurilgan barcha uylar buzilishi masalasida qonun doirasida javob berilgan edi.