Yangiliklar

Qaysi tadbirkorlar sanitariya tekshiruvlaridan ozod qilinadi

Tadbirkordan qo‘shimcha hujjat so‘ralmaydi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologiya sohasidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish uchun «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimi joriy etiladi.

Yangi tartib tadbirkorlik subyektlarida qonunbuzilish xavfini avtomatik baholash va tekshiruvlarni xavf darajasiga qarab tashkil etishni nazarda tutadi.

Xavf avtomatik baholanadi

Elektron tizim tadbirkorlik subyektlari faoliyatida sanitariya qonunchiligi buzilishi ehtimolini avtomatlashtirilgan tarzda aniqlaydi.

Baholashda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, fuqarolar murojaatlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa qonuniy manbalardan foydalaniladi.

Tadbirkordan qo‘shimcha hujjat so‘ralmaydi

Xavfni tahlil qilish jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xavf darajasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasidagi alohida mezonlar asosida belgilanadi.

Tadbirkorlar uch toifaga ajratiladi

Tadbirkorlik subyektlari qonunbuzilish xavfiga qarab yuqori, o‘rta va past toifalarga bo‘linadi.

Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kirgan subyektlarda profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar qonunchilik asosida o‘tkaziladi.

Past xavfli subyektlarda tekshiruv bo‘lmaydi

Past xavf toifasiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlarida sanitariya tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

Shu bilan birga, elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri jazo yoki boshqa ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘la olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ichki bozordagi un mahsulotlari sifatini tekshirish maqsadida ekspertiza tahlillarini o‘tkazgandi. Unda yetti nomdagi un mahsuloti belgilangan normativ-texnik hujjatlar talablariga mos emasligi aniqlandi.

Shuningdek, qo‘mita Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish uchun tegishli ma’lumotlar yuborilgan.