Sport

Ronalduning Yevrodagi g‘alabasi va Uchquduqdagi aviahalokat — kun tarixi

10-iyulda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Kollaj / Kursiv Uzbekistan

10-iyul sanasi jahon texnologiyalari inqilobi, sport olamidagi yorqin g‘alabalar hamda mudhish fojialar bilan tarix sahifalaridan o‘rin olgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealari xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: Neoz One

1856-yili hozirgi Xorvatiya hududida dunyoni o‘zgartirgan ixtirochi va muhandis Nikola Tesla dunyoga keldi. U o‘zgaruvchan tok tizimini yaratish orqali bugungi barcha smartfon va texnologiyalarimiz ishlashi uchun mustahkam zamin yaratgan. O‘z hayoti davomida u butun dunyo bo‘ylab 300 dan ortiq patentlarga ega bo‘lgan va radio, elektr motorlari hamda simsiz uzatish texnologiyalarining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.

Foto: Warner Bros

1972-yilda dunyoga mashhur kolumbiyalik aktrisa va model Sofiya Vergara tavallud topdi. U «Zamonaviy oila» serialidagi roli orqali dunyo miqyosida katta shuhrat qozongan. Forbes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, u televideniye sohasida yillik daromadi o‘nlab million dollarni tashkil etadigan va ketma-ket bir necha yil davomida Amerikaning eng ko‘p maosh oladigan aktrisasi deb topilgan yulduzlardan biri hisoblanadi.

Foto: Vikipedia

1985-yilning 10-iyulida O‘zbekistonning Uchquduq shahri yaqinida fojiali aviahalokat yuz berdi. Qarshidan Ufaga uchayotgan «Aeroflot» kompaniyasining Tu-154 samolyoti boshqaruvni yo‘qotib, cho‘l hududiga qulab tushdi. Oqibatda bortdagi barcha 200 kishi vafot etdi.

Foto: Alex Grimm / Getty Images

1985-yili Germaniya terma jamoasi hamda «Bavariya» klubining sobiq yulduz hujumchisi Mario Gomes dunyoga keldi. O‘zining sermahsul o‘yinlari va aniq zarbalari bilan tanilgan futbolchi 2013-yilda «Bavariya» bilan Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, u Germaniya milliy terma jamoasi safida umumiy hisobda 31 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: muycomputerpro.com

2008-yili texnologiyalar olamida ulkan inqilob yuz berdi. Apple kompaniyasi iPhone smartfonlari uchun mo‘ljallangan ilovalar do‘koni App Store’ni rasman ishga tushirdi. Dastlab bor-yo‘g‘i 500 ta ilova bilan o‘z ishini boshlagan platforma hozirda dasturchilarga va kompaniyaning o‘ziga har yili o‘nlab milliard dollar daromad keltiradigan, millionlab dasturlarni o‘zida jamlagan ulkan ekotizimga aylandi.

Foto: Sky Sport

2016-yilda esa Yevropa Chempionatida yangi chempion nomi ma’lum bo‘ldi. Krishtianu Ronaldu yetakchiligidagi Portugaliya terma jamoasi finalda mezbon Fransiyani mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor Yevropa Chempionati g‘olibiga aylandi. Ronaldu birinchi bo‘limdayoq jarohat olib maydonni tark etgan bo‘lsa-da, u zaxira o‘rindig‘idan jamoani ruhlantirib turdi va Ederning qo‘shimcha taymlarda kiritgan yagona goli portugaliyaliklarga tarixiy g‘alabani taqdim etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan oldingi kunlar xronikasi haqida xabar bergan edi.