Gadjetlar

Samsung Galaxy A57 uchun chegirma e’lon qilindi

AQShda Galaxy A57 uchun chegirma e’lon qilindi
Manba: Samsung

Samsung AQShdagi rasmiy onlayn do‘konida Samsung Galaxy A57 smartfoniga $100 miqdoridagi chegirmani davom ettirmoqda. Aksiya doirasida xaridorlardan eski qurilmani topshirish talab etilmaydi.

Chegirma Galaxy A57’ning 128 GB va 256 GB xotirali har ikki versiyasiga tatbiq etiladi. Buning uchun xarid vaqtida trade-in, ya’ni eski smartfonni almashtirish dasturidan voz kechish kifoya.

Galaxy A57 avvalroq Galaxy A17 bilan birga xuddi shunday chegirmada sotilgan edi. Galaxy A17 bo‘yicha aksiya tugagan bo‘lsa-da, Samsung Galaxy A57 uchun taklifni hozircha saqlab qolgan.

Foto: Samsung

Kompaniya aksiyaning qachon yakunlanishini ma’lum qilmagan. Shu sababli $100 chegirma yaqin kunlarda bekor qilinishi mumkin. Taklif faqat AQSh bozori uchun amal qiladi. Boshqa mamlakatlardagi narx va aksiyalar Samsung‘ning mahalliy savdo siyosatiga qarab farq qilishi mumkin.

Smartfon haqida

Foto: Samsung

Samsung Galaxy A57 5G 6,7 dyuymli FHD+ Super AMOLED Plus ekran va 120 Gts yangilanish tezligiga ega. Smartfon 50 MP OIS asosiy, 12 MP ultra keng burchakli, 5 MP makro hamda 12 MP old kamera bilan jihozlangan. 5000 mA/soatli batareya uzoq ishlashga mo‘ljallangan.

Qurilma IP68 darajasida suv va changdan himoyalangan, Android 16 hamda One UI 8.5 tizimida ishlaydi. Modelga olti avlod operatsion tizim yangilanishi va uzoq muddatli xavfsizlik qo‘llab-quvvatlashi va’da qilingan. AQShda 128 va 256 GB xotirali versiyalar sotiladi. Korpus qalinligi 6,9 mm, og‘irligi 179 grammni tashkil etadi.

Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy S26 narxi 200 dollarga pasaygani haqida yozgan edi.