
Teatr aktyori va rejissyor Xasan Ravshanovich Salixov prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Xasan Salixov 1987-yil 28-mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2004-yilda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining «Xalq xoreografiyasi» yo‘nalishini «Ansambl artisti» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2008-yilda esa M. Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutida «Drama teatri va kino aktyori» mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumot olgan.
Xasan Salixov 2006-yildan buyon O‘zbekiston Yoshlar teatrida faoliyat yurita boshlagan. U teatr aktyori va rejissyor sifatida ko‘plab sahna asarlarida turli obrazlarni gavdalantirgan. Shuningdek, milliy va xalqaro ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etib keladi. Tayinlovga qadar Salixov Kreativ industriya parki direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, G‘iyosiddin Qutbiddinovich Rejabov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sardor Umurzakov Strategik rivojlanish agentligiga direktor bo‘lgan edi.