
Soliq qo‘mitasi Markaziy bank pozitsiyasiga munosabat bildirdi, Teylor Svift to‘y o‘tkazish uchun $160 ming sarfladi — 11-iyulda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Oybek Kasimov «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov mamlakat salohiyatini rivojlantirishga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.

Mazkur mukofot Oybek Kasimovning O‘zbekistonda Olimpiya harakatini kengaytirish hamda yoshlarni jismoniy faollik va sog‘lom turmush tarziga jalb etishdagi samarali mehnatlari natijasi sifatida baholangan.
Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalari bo‘yicha Markaziy bank pozitsiyasiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi bank siri va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P-o‘tkazmalarni monitoring qilish yuzasidan Markaziy bankning so‘zlariga javob qaytardi. Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, banklar bilan axborot almashinuvi qonun doirasida, xususan, bank siri va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida bank operatsiyalari va hisobvaraqlar siri kafolatlangan.
AQSh va Janubiy Koreyaga noqonuniy jo‘natish uchun 105 ming dollar so‘ragan firibgarlar ushlandi

O‘zbekistonda fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi. Toshkent shahrida 1994 va 1999-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs fuqarolarga «G-1» vizasini olib berish va Janubiy Koreyaga ishga yuborishni, keyinchalik esa doimiy yashash guvohnomasini tayyorlab berishni va’da qilgan.
O‘z xizmatlari uchun ular $55 ming talab qilib, shundan $25 mingini oldindan olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (IJQKD) xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Abbosbek Fayzullayevdan so‘ng Alisher Odilov ham uylanmoqda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Farg‘onaning «Neftchi» klubi hujumkor yarim himoyachisi Alisher Odilov 11-iyul kuni oila qurdi. Bu haqda Farg‘ona klubining matbuot xizmati ma’lumot berdi. Ma’lumot uchun, Alisher Odilov 2001-yilning 15-iyulida Andijon viloyatida tavallud topgan. Faoliyati davomida «Olimpik», Rossiyaning «Ximki» hamda Namanganning «Navbahor» klublarida to‘p surgan.
Ryanair samolyotida oyna sinib, yo‘lovchi ochiq havoga chiqib qoldi

Gretsiyadan Germaniyaga uchgan Ryanair aviakompaniyasi samolyotida dvigatel nosozligi oqibatida oyna sinib, yo‘lovchilardan biri qulab tushishga bir oz qoldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Samolyot havoga ko‘tarilgandan ko‘p o‘tmay, Shimoliy Makedoniya hududi tepasida dvigatelning ichki parchalanishi yuz bergan. Uchib chiqqan metall bo‘laklari yo‘lovchi o‘rindig‘i yonidagi oynani sindirib yuborgan va salonda keskin havo bosimi pasayishi kuzatilgan.
Teylor Svift Nyu-Yorkda to‘y o‘tkazish uchun 160 ming dollar to‘ladi

Amerikalik xonanda Teylor Svift Nyu-York rahbariyatiga shaharning markaziy qismida to‘y marosimini o‘tkazishga ruxsat olish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida $160 ming to‘ladi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Shahar meri Zoxran Mamdanining ta’kidlashicha, to‘langan summa tadbir davomida politsiya xodimlarining qo‘shimcha ishlagan soatlari uchun qilingan xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi. Tadbirni o‘tkazish bo‘yicha yakuniy ruxsatnoma marosimdan atigi bir necha kun oldin berilgan.
O‘zbekistonliklar sog‘liqni saqlash xizmatlariga 5 oyda 9 trln so‘mdan ortiq sarfladi

2026-yilning yanvar – may oylarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar hajmi 9,1 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 14,7 foizga ko‘proqdir. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlarning 16,8 foizi tibbiy amaliyot va stomatologiya xizmatlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 20 foiz ulush shifoxona muassasalari xizmatlariga hamda 63,2 foiz boshqa xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.