
2026-yilning yanvar—may oylarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar hajmi 9,1 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,7 foizga ko‘proqdir. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlarning 16,8 foizi tibbiy amaliyot va stomatologiya xizmatlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 20 foiz ulush shifoxona muassasalari xizmatlariga hamda 63,2 foiz boshqa xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi bo‘yicha Toshkent shahri 4,2 trln so‘m ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent (862,1 mlrd so‘m) va Samarqand viloyatlari (694,1 mlrd so‘m) qayd etilgan.
Farg‘ona viloyatida bu ko‘rsatkich 593 mlrd so‘m, Andijon viloyatida 428,9 mlrd so‘m, Namanganda esa 415 mlrd so‘mni tashkil etgan. Buxoro viloyatida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 353,9 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida 335,9 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatida 332,7 mlrd so‘m bo‘lgan.
Eng kam sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi Navoiy viloyatida kuzatilgan — 157,9 mlrd so‘m. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (158,6 mlrd so‘m), Sirdaryo (169,7 mlrd so‘m), Jizzax (221,3 mlrd so‘m) va Surxondaryo (238,4 mlrd so‘m) viloyatlari ham ro‘yxatning quyi pog‘onalaridan joy olgan.
Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonda yoshlar soni 9,7 mln nafarga yetgani haqida xabar bergan edi.