Yangiliklar

Ryanair samolyotida oyna sinib, yo‘lovchi ochiq havoga chiqib qoldi

Dvigatel parchalanishi tufayli yuzaga kelgan favqulodda holatdan so‘ng layner ortga qaytdi
Foto: Reuters: File / Alexandros Avramidis

Gretsiyadan Germaniyaga uchgan Ryanair aviakompaniyasi samolyotida dvigatel nosozligi oqibatida oyna sinib, yo‘lovchilardan biri qulab tushishga bir oz qoldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Samolyot havoga ko‘tarilgandan ko‘p o‘tmay, Shimoliy Makedoniya hududi tepasida dvigatelning ichki parchalanishi yuz bergan. Uchib chiqqan metall bo‘laklari yo‘lovchi o‘rindig‘i yonidagi oynani sindirib yuborgan va salonda keskin havo bosimi pasayishi kuzatilgan.

Foto: RThess

Serbiya ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, oynaga yaqin o‘tirgan erkakning boshi va yelkalari havo oqimi sababli samolyot tashqarisiga chiqib qolgan. Hamrohlari uni o‘z vaqtida ichkariga tortib olishga muvaffaq bo‘lishgan. Jabrlanuvchi Salonikidagi «AHEPA» shifoxonasiga yetkazilgan.

Boeing kompaniyasi hodisa yuzasidan o‘tkazilayotgan tergovga to‘liq yordam berayotganini ma’lum qildi. Aynan ushbu layner payshanba kuni ham Sarayevoga parvoz vaqtida noma’lum sabablarga ko‘ra Salonikiga qaytishga majbur bo‘lgan edi.

Avvalroq Kursiv nashri AQShda B-52 bombardimon samolyoti halokatga uchragani haqida xabar bergan edi.