Yangiliklar

Toshkentda 20 kg dan ortiq narkotik moddalar musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati tezkor tadbirlari natijasida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari aylanmasiga chek qo‘yildi
Ekran tasviri

Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida 20 kg dan ziyod opiy va gashish musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

DXX xodimlari Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, 1968-yilda tug‘ilgan fuqaroning Toshkentdagi vaqtincha yashash manzilini ko‘zdan kechirishdi. Natijada 13 kg 50 gr opiy va 7 kg 137 gr gashish moddalari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan. Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Boshqa bir tadbirda DXX Toshkent shahar boshqarmasi va IIBB xodimlari virtual narkokanal tashkil etgan ikki nafar fuqaroni ushladilar. Ulardan gashish va gashish moyi musodara qilingan. Gumondorlarning biri muqaddam sudlangan bo‘lsa, ikkinchisi joriy yil aprel oyida ham xuddi shunday holat bilan ushlanib, tergovga jalb qilingan.

Hozirda tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy sheriklari va narkotik moddalarning manbalarini aniqlash ishlari olib borilmoqda. DXX fuqarolarni bunday qonunbuzarliklarga duch kelganda 1520 qisqa raqamiga xabar berishga chaqirib, ularning shaxsi sir saqlanishini kafolatladi.

Avvalroq Kursiv nashri AQSh va Janubiy Koreyaga noqonuniy jo‘natish uchun 105 ming dollar so‘ragan firibgarlar ushlangani haqida xabar bergan edi.