Gadjetlar

Apple kutilmaganda iPhone 17 ishlab chiqarish hajmini qisqartirdi — sabab

Ishlab chiqarish qariyb uchdan biriga, ya’ni 33 foizga kamaytirilgan
Apple kutilmaganda iPhone 17 ishlab chiqarish hajmini qisqartirdi / Foto: WCCF Tech

Apple xotira narxlarining keskin oshishi fonida iPhone 17 bazaviy modelini ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada kamaytirdi. Bu haqda WCCF Tech ma’lum qildi.

Ishlab chiqarish hajmi qancha qisqardi

Insayder Fixed Focus Digital ma’lumotiga ko‘ra, dastlab iPhone 17 bazaviy modeli ishlab chiqarish hajmini 15 foizga qisqartirish rejalashtirilgan edi. Biroq yakunda ushbu haftada ishlab chiqarish qariyb uchdan biriga, ya’ni 33 foizga kamaytirilgan.

Pro modellar ham kamayadimi

Manbaga ko‘ra, iPhone Pro modellari yuqori foyda keltiruvchi mahsulotlar hisoblanadi. Bunga sabab ularning asosiy komponentlari bazaviy modelnikiga o‘xshash bo‘lsa-da, sotuv narxi ancha yuqori ekani bilan izohlanadi. Hozircha Pro modellar ishlab chiqarilishi qisqartirilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Narxlar oshishi iPhone 18 bilan bog‘liqmi

Apple yaqinda kompyuter va planshetlari narxlarini oshirgan, biroq smartfonlar narxiga o‘zgartirish kiritmagan. Shu sababli manba iPhone smartfonlari narxi iPhone 18 taqdimoti bilan birga oshirilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple OpenAI va sobiq xodimlarini tijorat sirlarini o‘g‘irlashda ayblagan edi.