Sport

15 nafar o‘zbekistonlik bokschi Osiyo chempionati finali uchun ringga chiqadi

Yarim final bahslari O‘zbekiston vaqti bilan soat 10:00 da start oldi
Foto: Boks Federatsiyasi

Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha U-19 va U-22 yosh toifalaridagi Osiyo chempionatida 13-iyul kuni U-19 toifasi yarim final bahslari o‘tkaziladi.

Ushbu bosqichga eng ko‘p sportchi bilan yetib kelgan O‘zbekiston terma jamoasidan 15 nafar bokschi final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.

Janglar soat 10:00 da boshlandi

Yarim final bahslari O‘zbekiston vaqti bilan soat 10:00 da start oldi. O‘zbekistonlik bokschilar orasida birinchi bo‘lib 51 kilogramm vazn toifasida Nazokat Mardonova taxminan soat 10:45 da tailandlik Kanyaphat Baonokga qarshi ringga chiqdi.

O‘zbekistonlik bokschilarning bugungi juftliklari

Bugungi dasturda o‘zbekistonlik sportchilar Yaponiya, Qozog‘iston, Hindiston, Tailand, Tojikiston, Mo‘g‘uliston, Vyetnam, Qirg‘iz Respublikasi va Qatar vakillariga qarshi bahs olib boradi.

Kun davomida Nazokat Mardonova, Sabrina Chakomanova, Sevara Mamatova, Rushanabonu Isayeva, Maftuna Yangiyeva, Samira Turg‘unova, O‘tkirbek Norqosimov, Elyor Rustamov, Muhammadrizo Ukimov, Saidxo‘ja Sadillaxo‘jayev, Suhrob Rahmatullayev, Abrorbek Sharipov, Sardorbek Bahromxo‘jayev, Asadbek Sultanboyev hamda Islom Salixov final yo‘llanmasi uchun ringga chiqadi.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi U-19 yosh toifasidagi Osiyo chempionati yarim finaliga eng ko‘p sportchi olib chiqqan jamoa bo‘lib, bugungi janglar yakuniga ko‘ra mamlakat vakillarining finaldagi ishtirokchilari aniqlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Murodjon Ahmadaliyev haqida siz bilmagan 5 ta fakt haqida yozgandi.