Yangiliklar

Abituriyentlar diqqatiga: kirish testlari 14-iyuldan boshlanadi

Imtihonlar 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi
Foto: Ijtimoiy tarmoqdan olindi

2026–2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 14–23-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi.

Imtihonlar 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi.

Test sinovlari ikki smenada o‘tkaziladi

Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlar test sinovi boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzilga yetib borishi lozim.

Ruxsatnomani oldindan yuklab oling

Baholash agentligi ma’lum qilishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali taqdim etilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani oldindan yuklab olib, chop etib qo‘yish tavsiya etildi.

Faqat belgilangan joy va vaqtda imtihon topshiriladi

Nomzodlar faqat ruxsatnomada ko‘rsatilgan hudud, sana va smenada test sinovlarida qatnashishi mumkin. Boshqa hudud, kun yoki smenada imtihon topshirishga ruxsat berilmaydi.

Qaysi hujjatlar talab etiladi

Abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish ballari tasdiqlangani haqida yozgandi.