Avto

Cobalt va Damas hamon trendda: O‘zbekistonda eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingi e’lon qilindi

Cobalt va Damas hamon trendda: O‘zbekistonda eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingi e’lon qilindi
Manba: Kursiv Uzbekistan

2026-yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonda jami 175,3 ming dona avtomobil sotildi. «O‘zavtosanoat» AJ ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p xarid qilingan modellar orasida Chevrolet Cobalt va Damas yetakchilik qildi.

Yarim yil davomida 40,9 ming dona Cobalt sotilgan. Ikkinchi o‘rinni 34,2 ming dona natija bilan Damas egalladi. Tracker savdosi 20,2 ming donani, Labo 19,7 ming donani, Onix esa 19,5 ming donani tashkil etdi. Kia Sonetdan 9,6 ming dona, BYD Song Plus DM-i UzPride modelidan 5,6 ming dona sotilgan.

Brendlar va ishlab chiqaruvchilar kesimida

Manba: «O‘zavtosanoat» AJ

Ishlab chiqaruvchilar kesimida UzAuto Motors 81,2 ming dona avtomobil bilan yetakchilik qildi. UzAuto Xorazm 54,8 ming dona, ADM Jizzax 21,7 ming dona, BYD Uzbekistan Factory 17 ming dona avtomobil sotgan. Samarqand avtomobil zavodi hissasiga 397 dona, Asaka Motors hissasiga esa 150 dona avtomobil to‘g‘ri kelgan.

Brendlar orasida Chevrolet 136 ming dona natija bilan bozorda katta ustunlikni saqlab qoldi. BYD 17 ming dona, Kia 12,2 ming dona, Chery 4,8 ming dona va Haval 4,4 ming dona avtomobil sotgan. Shuningdek, SamAuto 275 dona, Changan 235 dona, Hyundai esa 150 dona avtomobil realizatsiya qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Bolt elektromobili uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.