Sport

Husanov izidan: Behruz Karimov uchun qanday takliflar bor

Husanov izidan: Behruz Karimov uchun qanday takliflar bor
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston terma jamoasi va «Surxon» klubi futbolchisi Behruz Karimov faoliyatini Yevropada davom ettirishi mumkin. Bu haqda agenti Gayrat Xasbiullin intervyusida ma’lum qildi.

Agentning aytishicha, 18 yoshli futbolchiga Rossiya Premer-ligasining kuchli oltiligiga kiruvchi bir nechta klub qiziqish bildirgan. Biroq Karimovning asosiy maqsadi Rossiyaga emas, Yevropa futboliga yo‘l olish hisoblanadi.

«Rossiyaning kuchli oltilik jamoalari u bo‘yicha biz bilan bog‘lanishdi. Biz ularning qiziqishini hurmat bilan qabul qilishimizni, ammo futbolchi Yevropa klublari safida o‘ynashni istashini aytdik. Hozir muzokaralar faol davom etmoqda», — degan Xasbiullin.

Foto: Instagram/ Karimov

Behruz Karimov jarohatiga qaramay, jahon chempionatidagi dastlabki ikki uchrashuvda 90 daqiqadan maydonda harakat qilgan. Agentning so‘zlariga ko‘ra, uning ko‘rsatgan o‘yini boshqa, yuqoriroq saviyadagi klublar e’tiborini ham tortgan.

Karimovning Abduqodir Husanov yo‘lidan borib, Fransiya chempionati orqali Yevropadagi faoliyatini boshlashi mumkinligi haqidagi savolga Xasbiullin buni yaxshi variant deb baholadi. Shu bilan birga, futbolchi qaysi murabbiy qo‘l ostiga borishi va yangi klubda qanday rivojlanishi muhim ekanini ta’kidladi.

Yana qanday variantlar bor

Foto: Instagram/ Karimov

Agent Fransiya bilan bir qatorda Germaniya variantini ham istisno etmadi. Uning aytishicha, futbolchi uchun bevosita Yevropaning top-5 ligalaridan biriga o‘tish yoki Niderlandiya, Belgiya va Shveysariya kabi rivojlanish uchun qulay chempionatlardan birida bir yarim yil atrofida o‘ynab, tajriba va ishonch to‘plash maqsad qilingan.

Rossiyaning RPLga yo‘llanma olgan «Rodina» klubi ham avvalroq Behruz Karimovga qiziqish bildirgan. Biroq Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdan so‘ng futbolchi bo‘yicha ancha yuqori maqomdagi klubdan taklif paydo bo‘lgan.

Xasbiullinning so‘zlariga ko‘ra, Karimov jahon chempionatida qatnashmaganida «Rodina» varianti dolzarb bo‘lishi mumkin edi, ammo hozir uning oldiga yuqoriroq maqsadlar qo‘yilgan. Hozircha futbolchiga qiziqish bildirayotgan Yevropa klublarining nomlari oshkor qilinmagan.

Futbolchi haqida

Husanov izidan: Behruz Karimov uchun qanday takliflar bor
Foto: Karimov/ Instagram

Karimov 2007-yil 7-avgustda tug‘ilgan. U asosan o‘ng qanot himoyachisi sifatida harakat qiladi. Futbolchining bo‘yi 1,80 metrni tashkil etadi. U 2025-yil 20-fevraldan buyon «Surxon» safida to‘p tepmoqda va klub bilan shartnomasi 2027-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.

Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 350 ming yevro deb baholangan. Karimovning agenti Football Group LLC kompaniyasi hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» Abduqodir Husanov haqida «Manchester Siti» klubi maqola e’lon qilgani haqida yozgan edi.