Fan

Ikki kichik sayyoraga o‘zbekistonlik olimlar nomi berildi

Tasdiqlangan nomlar xalqaro astronomik nomenklaturaga kiritilib, rasmiy nom sifatida qo‘llanadi
Ikki kichik sayyoraga o‘zbekistonlik olimlar nomi berildi / Foto: Fanlar akademiyasi

O‘zbekistonlik ikki astronomning ilmiy faoliyati xalqaro miqyosda e’tirof etilib, ularning nomi kichik sayyoralarga berildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.

WGSBN rasmiy qarorni

2026-yil 9-iyul kuni Xalqaro astronomiya jamiyatining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) e’lon qilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi – Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomi ikki kichik sayyora asteroidga berildi.

Yangi nomlar WGSBN Bulletinining 6-jild, 11-sonida e’lon qilingan. Endilikda xalqaro astronomik kataloglarda ushbu osmon jismlari (131358) Kamolergashev va (121339) Otabekburkhonov nomlari bilan qayd etiladi.

Foto: Fanlar akademiyasi

Kamoliddin Ergashev

Dastlab 2001 KA2 raqami bilan ro‘yxatga olingan asteroid 2001-yil 19-may kuni Chexiyadagi Ondřejov observatoriyasida chex astronomlari tomonidan kashf etilgan. Mazkur asteroidga Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev sharafiga «Kamolergashev» nomi berildi.

Rasmiy izohda Kamoliddin Ergashev 2007-yilda Astronomiya institutining asteroidlar tadqiqotiga qo‘shilgani, 2024-yilda esa ushbu yo‘nalishda falsafa doktori ilmiy darajasini olgani qayd etilgan. Uning ilmiy faoliyati asteroidlar fotometriyasi, ravshanlik egri chiziqlarini tahlil qilish, fizik xususiyatlarini aniqlash hamda asteroid juftliklari, klasterlari va qo‘shaloq asteroid tizimlarini o‘rganishga qaratilgan.

Foto: Fanlar akademiyasi

Otabek Burxonov

Dastlab 1999 TO15 vaqtinchalik belgilanishiga ega bo‘lgan asteroid 1999-yil 13-oktabr kuni chexiyalik astronomlar tomonidan kashf etilgan. Unga Astronomiya instituti laboratoriya mudiri Otabek Burxonov sharafiga «Otabekburkhonov» nomi berildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Otabek Burxonov 2000-yildan buyon Ulug‘bek nomidagi Astronomiya institutida faoliyat yuritadi. U 2005-yilda fan nomzodi ilmiy darajasini olgan. Olimning tadqiqotlari optik fotometriya, asteroidlarning ravshanlik egri chiziqlari, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar hamda Maydanak observatoriyasida gamma-chaqnashlarning optik kuzatuvlarini qamrab oladi.

Tasdiqlangan nomlar xalqaro astronomik nomenklaturaga kiritilib, kelgusida ilmiy maqolalar, kataloglar va efemeridalarda ushbu obyektlarning rasmiy nomi sifatida qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar Somon Yo‘lida qadimiy galaktika izlarini topishgani haqida yozgan edik.