
O‘zbekistonda kuchli issiq kuzatilayotgan kunlarda ayrim toifadagi xodimlarga ish kuni davomida qo‘shimcha tanaffuslar berilishi mumkin. Bu haqda amaldagi qonunchilikda belgilangan.
Unga ko‘ra, may–avgust oylarida havo harorati 43 daraja va undan yuqori, janubiy hamda cho‘l hududlarida esa 46 daraja va undan yuqori bo‘lsa, kuchli issiq hisoblanadi.
Kimlarga qo‘shimcha tanaffus beriladi
Bunday ob-havo sharoitida quyidagi toifadagi xodimlarga ish kuni davomida qo‘shimcha tanaffuslar berilishi mumkin:
- ochiq havoda yoki sovitilmaydigan, isitilmaydigan yopiq xonalarda ishlaydiganlar;
- yuk ortish-tushirish ishlari bilan shug‘ullanuvchilar.
Ish beruvchining majburiyatlari
Qonunchilikka muvofiq, ish beruvchi xodimlar uchun dam olishga mo‘ljallangan, isitish yoki sovitish uskunalari bilan jihozlangan xonalarni ta’minlashi shart. Zarurat tug‘ilganda esa xodimlarni Mehnat kodeksida belgilangan tartibda masofadan ishlashga o‘tkazishi ham mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini dam olish kunlari va 13–17-iyul kunlari kuzatiladigan kuchli jazirama sabab ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirgani haqida yozgandi.