
Namangan viloyati jamoat transporti 12 ta zamonaviy Ankai rusumli yangi avtobuslar bilan boyitildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Avtobuslar yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Malakali avtotrans servis» MChJ tomonidan olib kelindi. Mazkur trnsport vositalari shahar ichidagi yo‘nalishlarga brutto shartnomasi asosida qatnovga chiqariladi.
Yangi avtobuslar Namangan shahrida jamoat transporti xizmatlari sifatini yaxshilash, yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz qatnovni ta’minlash hamda transport tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024–2025-yillar davomida viloyatga yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida jami 96 ta avtobus olib kelingan. Shundan «Ekspress Dolina» MChJ tomonidan 36 ta Yutong, «Turon-95 MBI» MChJ tomonidan esa 60 ta Zhongtong rusumli avtobus xarid qilingan.
Hozirda ushbu transport vositalari viloyat markazidagi 9 ta yo‘nalishda brutto shartnomasi asosida xizmat ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent – Bekobod yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgan edik.