
Namangan viloyatini innovatsion va intellektual rivojlantirish maqsadida hududning «aql markazi» sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi biriktirildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Namangan viloyatida hududlarni ilmiy tahlil va innovatsion yondashuv asosida rivojlantirishga qaratilgan yangi boshqaruv tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, respublikaning 14 ta «aql markazi» ishtirokida shahar va tumanlar kesimida 126 ta dolzarb muammo aniqlanib, qo‘shimcha iqtisodiy zaxira va imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha yo‘l xaritalari tasdiqlandi.
126 ta muammo va ularni hal etish bo‘yicha yo‘l xaritalari ishlab chiqildi
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining XXIV sessiyasida hududlarning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solishga qaratilgan yo‘l xaritalari tasdiqlandi.
«Aql markazlari» tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 126 ta muammo aniqlangan. Shundan 39 tasi sanoat korxonalari faoliyatini tiklash, 35 tasi xizmatlar sohasini rivojlantirish, 21 tasi ijtimoiy soha, 18 tasi qishloq xo‘jaligi, 10 tasi yo‘l infratuzilmasi hamda 3 tasi boshqa yo‘nalishlarga taalluqli.
Bank-moliya akademiyasi Namanganga biriktirildi
Yangi tizim doirasida Namangan viloyatiga «aql markazi» sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi biriktirildi. Akademiya hudud bilan doimiy hamkorlik qilib, iqtisodiy salohiyatni oshirish va ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Sessiya davomida shahar va tuman hokimlari «aql markazi» bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yo‘l xaritalari yuzasidan hisobot berdi. Muhokamalarda har bir loyiha va obyekt bo‘yicha mavjud muammolar, ularning yechimlari hamda hududlarni rivojlantirishga doir takliflar ko‘rib chiqildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda $35 mlnlik qo‘ychilik klasteri tashkil etilayotgani haqida yozgandi.