
O‘zbekiston yiliga 1,35 mln tonna temir xomashyosi jalb qiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O‘zbekistonda metallurgiya sanoatini mahalliy va import xomashyo bilan ta’minlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi. Mamlakatda 1,5 mlrd tonna temir rudasi zaxirasi mavjud bo‘lib, «Surun-ota» konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosi olish yuzasidan xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.
Belgilangan rejaga ko‘ra, «Surun-ota» konida ishlab chiqariladigan temir konsentrati 2027-yildan boshlab O‘zbekiston metallurgiya kombinatiga yetkazib berilishi kerak. Bu korxonaning xomashyo bazasini kengaytirish va importga qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, «Tebinbuloq» konini uch-to‘rt yil ichida ishga tushirish rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshirilgach, yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosi xarid qilish bo‘yicha ham memorandum imzolangan. Mutasaddilarga shartnomani qisqa muddatda rasmiylashtirish va 2027-yildan boshlab xomashyo yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.
Yana qanday rejalar bor
Metallurgiya sohasidagi yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, konlardan ruda qazib olish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni yaratishga tayyorligini bildirgan.
Samarqanddagi korxonalardan biri temir koni ajratilsa, xomashyo qazib olish loyihasiga $500 mln gacha sarmoya kiritishni taklif qilgan. Bekobod metallurgiya kombinati esa xomashyo bazasini mustahkamlash maqsadida Forish tumanidagi 32 mln tonna temir resursiga ega «Temirkon» konini o‘zlashtirish tashabbusini ilgari surgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish, investorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va metallurgiya sanoatini barqaror xomashyo bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqaruvchi majmua ishga tushirilgani haqida yozgan edi.