Yangiliklar

O‘zbekistonda pensiya islohotiga tayyorgarlik boshlandi — XVJ

Pensiya badallarini oshirish tavsiya etilmadi
Qariyalar
Foto: UNHRC

O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Biroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ga ko‘ra, keng ko‘lamli o‘zgarishlar hali dastlabki bosqichda va ular joriy etilishidan oldin tizimning moliyaviy barqarorligi mustaqil baholanishi kerak.

XVJ hisobotida O‘zbekiston hukumati pensiya tizimini yangilash bo‘yicha dastlabki tahlillar va maslahatlarni o‘z ichiga olgan konsepsiya loyihasini ishlab chiqqani qayd etilgan.

Shu bilan birga, pensiya tizimining o‘rta muddatli barqarorligini ta’minlaydigan kompleks islohotlar hali boshlang‘ich bosqichda ekani ta’kidlangan.

Avval aktuar tahlil o‘tkazilishi kerak

Jamg‘arma keng ko‘lamli o‘zgarishlardan oldin mustaqil aktuar baholash o‘tkazishni tavsiya qilmoqda.

Bunday tahlil pensiya tizimining kelajakdagi daromad va xarajatlarini, aholi tarkibidagi o‘zgarishlarni hamda budjetga tushadigan yukni baholash imkonini beradi.

XVJga ko‘ra, aktuar hisob-kitoblarsiz pensiya tizimida katta o‘zgarishlarni amalga oshirish moliyaviy xavflarni kuchaytirishi mumkin.

Pensiya badallarini oshirish tavsiya etilmadi

XVJ majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga badal stavkalarini oshirmaslikni tavsiya qildi.

Jamg‘arma bunday qaror ish beruvchilarning mehnat xarajatlarini ko‘paytirishi, bandlik bozoriga salbiy ta’sir qilishi va yetarlicha rivojlanmagan moliya bozorida qo‘shimcha xavflar yaratishi mumkinligini bildirdi.

Davlat xizmatchilari maoshi islohoti kechiktirilishi mumkin

XVJ boshqa yirik budjet islohotlarini ham pensiya tizimidagi xarajatlar aniqlashtirilguniga qadar ehtiyotkorlik bilan amalga oshirishni tavsiya etmoqda.

Xususan, davlat xizmatchilari uchun doimiy lavozim maoshlari shkalasini 2027-yildan oldin joriy etmaslik taklif qilingan. Avval sog‘liqni saqlash, ta’lim va pensiya islohotlarining budjetga ta’sirini hisoblash zarurligi qayd etilgan.

Xarajatlarni cheklash uchun davlat tashkilotlaridagi xodimlar sonini qisqartirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.

Pensiya yoshini oshirish bo‘yicha qaror qabul qilinmagan

XVJ avvalgi tavsiyalarida O‘zbekistonda erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh etib belgilangan pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi.

Biroq Pensiya jamg‘armasi hozircha pensiya yoshini oshirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini ma’lum qilgan. Xalqaro ekspertlarning takliflari aholining turmush darajasi va iqtisodiy oqibatlar nuqtayi nazaridan o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam to‘lovlari 7 foizga oshirilgandi.

Farmonga muvofiq, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa oyiga 1 083 000 so‘m etib belgilanadi.