
O‘zbekistonda qora metallurgiya sanoatida sog‘lom raqobat va narx barqarorligini ta’minlash uchun Hukumat huzurida alohida loyiha ofisi tashkil etiladi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, ofis metall mahsulotlari bozorini har kuni tahlil qilib, qora metall aylanmasini raqamli nazoratga oladi.
Loyiha ofisi bozorni kunlik tahlil qiladi
Yangi tuzilma qora metallurgiya sohasidagi talab va taklifni kuzatadi, xomashyo hamda tayyor mahsulotlar bozoridagi vaziyatni muntazam tahlil qiladi.
Shuningdek, mahsulot sifati, kelib chiqishi, fizik va kimyoviy tarkibi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan raqamli pasport yuritiladi.
«E-lom» platformasi 1-avgustdan ishga tushadi
Mutasaddilarga bir oy ichida loyiha ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
1-avgustdan esa «E-lom» elektron platformasi ishga tushirilib, qora metall aylanmasi real vaqt rejimida monitoring qilinadi.
500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda
Bugungi kunda respublika bo‘yicha yiliga 700 ming tonna qora metallolom Bekobod metallurgiya kombinatiga topshiriladi.
Shu bilan birga, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolayotgani qayd etildi.
Metallga talab 8 mln tonnadan oshadi
So‘nggi o‘n yilda po‘lat list, navli prokat, quvur va metall konstruksiyalarga ehtiyoj uch baravar oshib, 5,5 mln tonnaga yetgan.
Kelgusi yillarda atom elektr stansiyasi, mis boyitish fabrikasi, mis eritish zavodi, infratuzilma loyihalari va uy-joy qurilishi hisobiga bu talab yanada ortadi.
Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilgacha metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 8 mln tonnadan oshadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqaruvchi majmua ishga tushirilgandi. Yangi quvvat ishga tushirilishi natijasida yiliga 1 mln tonna yoki 8 trln so‘mlik issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi. Bu Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini beradi.