Yangiliklar

Qozog‘istonda gaz bilan ta’minlash darajasi 64 foizdan oshdi

Gazlashtirish ishlari 2035-yilgacha mo‘ljallangan bosh sxema doirasida amalga oshirilmoqda
Qozog‘istonda gaz bilan ta’minlash darajasi 64 foizdan oshdi
Foto: Pexels

Qozog‘istonda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash darajasi 2026-yil boshiga kelib 64 foizdan oshdi. Ranking.kz ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yilda bu ko‘rsatkich 43 foizni tashkil etgan, ya’ni so‘nggi o‘n yil ichida gazlashtirish darajasi 21 foiz punktga ko‘tarilgan.

Hozirda mamlakatning 20,5 mln aholisidan 13 mln nafardan ortig‘i tabiiy gazdan foydalanish imkoniyatiga ega. Bundan 10 – 15 yil avval gaz ta’minoti, asosan, yirik uglevodorod konlari joylashgan g‘arbiy hududlarda mavjud bo‘lgan, boshqa mintaqalarda esa aholi isinish uchun ko‘mir, o‘tin va boshqa yoqilg‘ilardan foydalangan.

Manba: Ranking.kz

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 30-iyun kuni parlament palatalarining qo‘shma majlisida mamlakatni gazlashtirish jarayonini jadallashtirish va tabiiy gaz bilan ta’minlash darajasini 80 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Gazlashtirish ishlari 2035-yilgacha mo‘ljallangan bosh sxema doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur aholi turmush sifatini yaxshilash, hududlarni rivojlantirish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, investitsiya jozibadorligini oshirish va mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.

Avvalroq «Kursiv» gaz ta’minoti tizimida 441 ta korrupsion holatning oldi olingani haqida yozgan edi.