Yangiliklar

Toshkent – Bekobod yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Shavkat Mirziyoyev ushbu poyezdda Toshkentdan Bekobodga bordi
Toshkent–Bekobod yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Foto: prezident matbuot xizmati

Toshkent va Bekobod shaharlari o‘rtasida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu poyezdda Toshkentdan Bekobodga bordi.

Yangi temir yo‘l yo‘nalishining uzunligi 192 kilometrni tashkil etadi. Mazkur qatnov orqali kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Poyezd 120 kilometr tezlikda harakatlanadi

Foto: prezident matbuot xizmati

Yo‘nalishda olti vagondan iborat elektropoyezd qatnaydi. U 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Yangi qatnov, ayniqsa, Toshkent va Bekobod o‘rtasida har kuni ish yoki o‘qishga qatnaydigan fuqarolar uchun qulaylik yaratadi.

Vagonlarda zamonaviy sharoitlar bor

Elektropoyezd
Foto: prezident matbuot xizmati

Elektropoyezd vagonlari konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari hamda Wi-Fi bilan jihozlangan.

Shuningdek, videokuzatuv tizimlari, elektron axborot tablolari va velosipedlar uchun maxsus joylar mavjud.

Nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus ko‘targichlar ham o‘rnatilgan.

Avtomobil yo‘llaridagi yuklama kamayishi kutilmoqda

Foto: prezident matbuot xizmati

Yangi elektropoyezd qatnovi avtomobil yo‘llaridagi transport yuklamasini kamaytirish va ekologik toza transport ulushini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Prezident temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash va temir yo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosiga yana 3 ta poyezd olib kelingani haqida xabar berilgandi. Yangi harakat tarkiblari yo‘lovchilarning ortib borayotgan talab va takliflarini inobatga olgan holda xarid qilingan bo‘lib, ular yaqin kunlarda yo‘nalishlarga chiqarilishi rejalashtirilgan.