
Samarqand viloyatining Urgut tumani prokurori o‘rinbosarining korrupsion harakatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs Pastdarg‘om tumani prokuraturasida ishlagan davrida xizmat mavqeyidan foydalanib, mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi oqibatida davlatga yetkazilgan 2 mlrd 887 mln so‘mlik zararni 805,9 mln so‘mgacha kamaytirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u vositachilar orqali $6,5 ming hamda 35 mln so‘m pora olgani aytilmoqda.
Shuningdek, prokuror MChJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida zarar miqdorini 150 – 200 mln so‘mgacha kamaytirish, sud tizimidagi tanishlari orqali ularga yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishni va’da qilgan. Buning uchun u korxona egasidan yana $15 ming talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxsning noqonuniy harakatlariga oid ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirildi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Samarqandda ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.