Yangiliklar

Volkswagen yana 50 ming ish o‘rnini qisqartirmoqchi

Rejada to‘rtta zavodni yopish ehtimoli ham ko‘rib chiqilgan
Volkswagen yana 50 ming ish o‘rnini qisqartirmoqchi / Foto: Supply Chain Brain

Volkswagen xarajatlarni kamaytirish va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida yana 50 ming ish o‘rinlarini qisqartirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Volkswagen bosh direktori Oliver Blume kompaniya xodimlariga avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona raqobatchilar bilan tenglashish uchun yana 50 mingga yaqin ish o‘rinlarini qisqartirishga ehtiyoj sezishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Kompaniya avvalroq Volkswagen guruhi tarkibidagi korxonalar, jumladan, Porsche va Audi bo‘linmalarida 50 ming ish o‘rnini qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Agar yangi reja amalga oshirilsa, qisqartiriladigan ish o‘rinlari soni 100 mingtagacha yetishi mumkin.

Xarajatlar bosimi

Blumening ta’kidlashicha, Volkswagenning xarajatlari o‘xshash avtomobil ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 20 foizga yuqori. Shu sababli kompaniya barcha brendlar, korxonalar va hududlar kesimida qo‘shimcha o‘zgarishlar zarurligini baholamoqda.

Volkswagen so‘nggi yillarda milliardlab yevrolik bojxona xarajatlari, Xitoy bozoridagi kuchli raqobat hamda Germaniyadagi ishlab chiqarish tarmoqlarining samaradorligini oshirish zarurati tufayli foyda ko‘rsatkichlarining pasayishiga duch kelgan.

Kasaba uyushmalari bu rejaga qarshi

Manbalarga ko‘ra, kompaniya kuzatuv kengashida taqdim etilgan qayta tashkil etish rejalari xodimlar vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan. Rejalarda ish o‘rinlarini qisqartirish bilan birga to‘rtta zavodni yopish ehtimoli ham ko‘rib chiqilgan.

Oliver Blume ichki xatda Emden, Hannover, Tsvikkau va Nekkarsulm zavodlarining 2030-yillarda raqobatbardosh faoliyat yuritish istiqbollari hali tasdiqlanmaganini qayd etgan.

Muqobil yechimlar izlanmoqda

Volkswagen rahbari zavodlarni yopish o‘rniga muqobil yechimlarni afzal ko‘rishini bildirgan. U avvalroq ayrim ishlab chiqarish quvvatlaridan mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun foydalanish yoki Xitoyda ishlab chiqarilayotgan Volkswagen modellari ishlab chiqarishini Yevropaga ko‘chirish imkoniyatlarini tilga olgan edi.

Kompaniya manfaatdor tomonlar bilan o‘tkazilgan so‘nggi uchrashuv yakunlari bo‘yicha rasmiy bayonotida ish o‘rinlarini qisqartirish yoki zavodlarni yopish masalasini tilga olmadi. Buning o‘rniga ishlab chiqarish quvvatlarini yanada qisqartirish va avtomobil modellari qatorini bosqichma-bosqich ikki barobarga kamaytirish rejalari e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Volkswagen va Foton avtomobil zavodlari ishga tushirilishi haqida yozgan edik.