
Xorazm viloyatida kutilayotgan anomal issiq havo sabab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 14-iyuldan boshlab viloyatda bir necha kun davomida havo harorati 44–45 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Shu munosabat bilan Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tavsiyasiga asosan maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida vaqtinchalik cheklov joriy etildi.
2026-yil 14-iyuldan 17-iyulgacha Xorazm viloyatidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari yopiladi. Davlat bog‘chalari faoliyati 20-iyuldan odatdagi tartibda qayta tiklanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda jazirama sabab bog‘chalar bir necha kunga yopilgan edi.