Sport

Abbosbek Fayzullayev to‘yda qaylig‘ini qanday o‘pdi — video

Abbosbek Fayzullayev to‘yda qaylig‘ini qanday o‘pdi — video
Manba: Instagram

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev kelinsalom marosimida qaylig‘ining peshonasidan o‘pdi. Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Kelinsalom an’anaviy «Salom-salom, kelin salom» qo‘shig‘i sadolari ostida o‘tkazilgan. Kelin milliy naqshlar bilan bezatilgan libos va oq ro‘molda kuyovning qarindoshlari hamda mehmonlariga ta’zim qilgan. Fayzullayev esa marosimni uning yonida kuzatib, peshonasidan o‘pgan. Videoga izoh qoldirgan muxlislar yosh oilaga baxt, totuvlik va uzoq umr tilagan.

Fayzullayevning nikoh to‘yi 10-iyul kuni bo‘lib o‘tdi. To‘yda uning do‘stlari, yaqinlari va O‘zbekiston terma jamoasidagi ayrim safdoshlari ham qatnashgan.

Marosim milliy urf-odatlarga muvofiq, oilaviy va ko‘tarinki muhitda tashkil etilgan. To‘y futbolchining O‘zbekiston terma jamoasi bilan tarixiy mundialdagi ishtirokidan keyin o‘tkazildi. Shu bois muxlislar uni Fayzullayev hayotidagi yangi bosqich sifatida qabul qilmoqda. Futbolchi Kolumbiya darvozasiga urgan jahon chempionatidagi tarixiy golini bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga bag‘ishlaganini ham aytgan edi.

Futbolchi haqida

Fayzullayev 2003-yil 3-oktabrda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tug‘ilgan. U hujumkor yarim himoyachi va qanot futbolchisi sifatida harakat qiladi. Faoliyatini «Paxtakor»da boshlagan futbolchi keyinchalik Moskvaning «SSKA» jamoasida o‘ynadi. 2025-yil yozida u Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi bilan besh yillik shartnoma imzoladi.

Foto: Fayzullayev/ Instagram

Fayzullayev U-20 Osiyo kubogida O‘zbekiston bilan chempion bo‘lib, turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Keyinchalik OFK uni yilning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida taqdirlagan. 2026-yilgi mundialda esa u O‘zbekiston tarixidagi ilk gol muallifiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Fayzullayev kimga uylangani haqida yozgan edi.