
Toshkent viloyatidagi bir nechta tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining zaharlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Sud 11 nafar shaxsni sanitariya va epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi.
Ochiq sud jarayoni yakunlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudida 2025-yil sentabr oyida Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyi Chirchiq tumanlarida sodir bo‘lgan zaharlanish holatlari ko‘rib chiqildi.
Sud jarayoni ochiq shaklda o‘tkazilib, yakunda hukm e’lon qilindi.
Olti kishiga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi
«Shark Milk Product» MChJning uch nafar xodimiga 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Kompaniyaning yana uch nafar vakiliga esa 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.
Besh kishining ozodligi cheklandi
Yana besh nafar sudlanuvchiga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ular orasida «Governess Business», «Innavation Outsourcing Servise», «Nishon invest» va «Kinder Garden Group» MChJ rahbarlari hamda «Shark Milk Product» MChJ laboranti bor.
Taraflar hukm ustidan qonunda belgilangan muddat va tartibda Toshkent viloyat sudining apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga shikoyat qilish huquqiga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onadagi bog‘chalarda 62 nafar bola ommaviy zaharlangani haqida yozgandi.