
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzgan shartnomasi 2027-yil oktabr oyiga qadar amal qiladi. Bu haqda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ma’lum qildi.
So‘nggi kunlarda italiyalik mutaxassisning milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatidagi kelajagi yuzasidan turli muhokamalar paydo bo‘lgan edi. Ermatovning so‘zlariga ko‘ra, Kannavaro O‘FA bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘z faoliyatini davom ettiradi.
«Fabio Kannavaroning O‘FA bilan 2027-yil oktabr oyiga qadar shartnomasi bor. Jahon chempionatidan keyin tahliliy guruhlar ish olib bordi. Hozir ularning qisqa muddatli ta’tili ham yakunlanmoqda. Iyul oyi oxiridan seleksiya ishlari hamda Osiyo kubogiga tayyorgarlik jarayonlari davom ettiriladi», — dedi Ravshan Irmatov.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yaqin vaqt ichida Kannavaro boshchiligida navbatdagi musobaqalarga tayyorgarlikni boshlaydi. Murabbiylar shtabining asosiy e’tibori futbolchilarni saralash va 2027-yilda o‘tkaziladigan Osiyo kubogiga munosib tarkib shakllantirishga qaratiladi.
Murabbiy haqida
Kannavaro — italiyalik taniqli futbol murabbiyi va sobiq himoyachi. U 1973-yil 13-sentabrda Neapol shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatida «Napoli», «Parma», «Inter», «Yuventus» va Madridning «Real» klublarida to‘p surgan. Kannavaro Italiya terma jamoasi safida 136 ta uchrashuv o‘tkazgan va 2006-yilgi jahon chempionatida jamoani sardor sifatida g‘alabaga olib borgan. O‘sha yili u «Oltin to‘p» mukofotiga ham sazovor bo‘lgan.

Kannavaro murabbiylik faoliyatini Osiyoda boshlagan. U Xitoyning «Guanchjou Evergrand» va «Tyanszin Syuantszyan», shuningdek, Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klublarini boshqargan. Italiyalik mutaxassis «Guanchjou Evergrand» bilan Xitoy chempionligini qo‘lga kiritgan. 2019-yilda u qisqa muddat Xitoy milliy terma jamoasiga ham ustozlik qilgan.
Keyinchalik Kannavaro Yevropaga qaytib, Italiyaning «Benevento» va «Udineze» klublarida faoliyat yuritdi. U «Udineze»ni A Seriyadan tushib ketish xavfidan saqlab qolgan. Shundan so‘ng Xorvatiyaning «Dinamo Zagreb» jamoasini boshqargan. 2025-yil oktabr oyida Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Uning O‘FA bilan tuzgan shartnomasi 2027-yil oktabrgacha amal qiladi.
Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayevning statistikasi yangilangani haqida yozgan edi.