Sport

FIFA JCh ishtirokchilarini 64 taga oshirishi mumkin

FIFA JCh ishtirokchilarini 64 taga oshirishi mumkin
Foto: Reuters

FIFA erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etuvchi terma jamoalar sonini 48 tadan 64 tagacha oshirish masalasini muhokama qiladi. Tashkilot prezidenti Janni Infantino yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini, taklif 2026-yilgi turnir tugagach batafsil ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

«Bu, albatta, jahon chempionatidan keyin ko‘rib chiqiladigan va muhokama qilinadigan masalalardan biri», – dedi Infantino Shveysariyaning Blue Sport telekanaliga bergan intervyusida.

FIFA rahbari turnir ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasini futbolning geografiyasini kengaytirish bilan izohladi. Uning fikricha, jahon chempionati faqat Yevropa va Janubiy Amerikaning an’anaviy kuchli terma jamoalari uchun emas, balki dunyoning barcha hududlari uchun imkoniyat yaratishi kerak. Kichik mamlakatlarning mundialda qatnashish imkoniga ega bo‘lishi futbol rivojiga qo‘shimcha turtki berishi aytildi.

AQSh, Kanada va Meksikada o‘tayotgan 2026-yilgi jahon chempionatida ilk bor 48 ta terma jamoa qatnashmoqda. Bungacha, 1998-yildan 2022-yilgacha turnir 32 jamoa ishtirokida o‘tkazilgan. Yangi formatda 12 ta guruh tashkil etildi va jami 104 ta uchrashuv rejalashtirildi.

Infantino 48 jamoali birinchi mundialni «ulkan muvaffaqiyat» deb baholadi. U turli qit’alardan kelgan terma jamoalar o‘rtasidagi saviya farqi kamayganini ta’kidlab, Afrikadan qatnashgan o‘nta jamoaning to‘qqiztasi pley-offga chiqqanini misol qilib keltirdi. FIFA prezidenti bu natijani ishtirokchilar sonining kengayishi futbolni yangi mamlakatlarda rivojlantirishi mumkinligiga dalil sifatida ko‘rsatdi.

G‘oya aslida qanday paydo bo‘lgan

Ignasio Alonso/ Foto: EED

64 jamoali format g‘oyasi dastlab 2030-yilgi mundialning 100 yilligiga bag‘ishlangan bir martalik kengayish sifatida ilgari surilgan edi. Taklif 2025-yil mart oyida Urugvay futbol assotsiatsiyasi prezidenti Ignasio Alonso tomonidan FIFA Kengashi yig‘ilishida bildirilgan. Keyinchalik Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi rahbariyati ham tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.

2030-yilgi jahon chempionatining asosiy uchrashuvlari Ispaniya, Portugaliya va Marokashda o‘tkaziladi. Turnirning dastlabki uchta bahsi esa birinchi mundialning 100 yilligi munosabati bilan Urugvay, Argentina va Paragvayda tashkil etiladi. Ilk jahon chempionati 1930-yilda Urugvayda bo‘lib o‘tgan.

Agar musobaqada 64 ta jamoa ishtirok etsa va ular to‘rttadan 16 guruhga ajratilsa, har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rin egasi pley-offga chiqishi mumkin. Bunday shaklda uchinchi o‘rinni egallagan terma jamoalarni o‘zaro qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha solishtirishga ehtiyoj qolmaydi. Ammo guruh va pley-off uchrashuvlari bilan birga turnirdagi o‘yinlar soni taxminan 128 taga yetishi mumkin. Hozircha FIFA kelajakdagi formatni rasman tasdiqlamagan.

Taklif futbol tashkilotlari rahbarlarining qarshiligiga ham uchramoqda. UEFA prezidenti Aleksander Cheferin 64 jamoali mundialni turnirning o‘zi va saralash tizimi uchun «yomon g‘oya» deb atagan.

Avvalroq «Kursiv» Behruz Karimov yana bir ligaga tavsiya qilingani haqida yozgan edi.