Yangiliklar

Jazirama «sovg‘asi»: Surxondaryoda yuk mashinalari harakati cheklanadi

Surxondaryoda yuk mashinalari harakati cheklanadi
Foto: Unsplash

Surxondaryo viloyatida o‘ta issiq ob-havo sabab og‘ir yuk mashinalari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Cheklov Termiz shahri, tuman markazlari va ularni o‘zaro bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida amal qiladi. Og‘ir yuk mashinalarining ushbu yo‘llardagi harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha to‘xtatiladi.

Qaror avtomobil yo‘llari qoplamasini saqlash hamda yuqori harorat ta’sirida yo‘llarning muddatidan oldin shikastlanishining oldini olish maqsadida qabul qilingan. Ayniqsa, davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qurilgan yoki ta’mirlangan yo‘llarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzgi havo harorati 42–44 darajagacha ko‘tarilmoqda. Ayrim hududlarda esa harorat bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

Bunday ob-havoda asfalt-beton qoplamasining harorati 70–80 darajagacha yetadi. Natijada yo‘lning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayib, og‘ir transport vositalari harakati ta’sirida qoplamada g‘ildirak izlari, cho‘kish, deformatsiya va boshqa texnik nuqsonlar paydo bo‘lish xavfi ortadi.

Viloyat hokimligi og‘ir yuk avtomobillari haydovchilari, yuk tashuvchi korxona va tashkilotlardan belgilangan tartibga qat’iy rioya qilishni so‘radi. Tashuvchilarga yuklarni yetkazib berish vaqtini cheklovdan tashqari soatlarga moslab rejalashtirish tavsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» jaziramada poyezd vagonlari sovitish tizimi yaxshi ishlamasligi mumkinligi haqida yozgan edi.