Kino va seriallar

Jeki Chan Qozog‘istonda yangi film suratga olishni boshlamoqda

U «Xudoning zirhi 4: Ultimatum» filmida ishtirok etadi
Jeki Chan Qozog‘istonda yangi film suratga olishni boshlamoqda
Foto: Mang‘istau viloyati hokimligi

Mashhur aktyor, rejissyor va jang san’ati ustasi Jeki Chan yangi xalqaro film suratga olish uchun Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatiga bordi. U «Xudoning zirhi 4: Ultimatum» filmida ishtirok etadi.

Filmning muhim sahnalari dunyoga mashhur Bo‘zjira darasida suratga olinadi. Mang‘istov viloyati hokimligi fikricha, hududning tanlanishi jahon kino sanoatining Qozog‘iston tabiiy manzaralariga qiziqishi ortayotganini ko‘rsatadi.

Loyiha turizmga ham xizmat qiladi

Foto: Mang‘istau viloyati hokimligi

Mang‘istov viloyati hokimi Nurdaulet Qilibay Jeki Chan bilan uchrashdi.

Uning ta’kidlashicha, bunday yirik xalqaro filmda hududning ishtirok etishi turizmni rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilish va Mang‘istovni dunyoga tanitish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Jeki Chan tabiat manzaralarini yuqori baholadi

Jeki Chan iliq kutib olingani uchun minnatdorlik bildirdi. U Mang‘istovning tabiiy manzaralari noyob kinematografik salohiyatga ega ekanini va kelajakdagi filmning eng yorqin qismlaridan biriga aylanishini aytdi.

«Xudoning zirhi 4: Ultimatum» loyihasi Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Filmni Qozog‘istonning Salem Entertainment kompaniyasi ishlab chiqarmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek filmlari Polsha telekanalida namoyish etilishi haqida xabar berilgandi. «Dunyo» axborot agentligining yozishicha, dastlabki bosqichda 10 ta badiiy film va 10 ta serial polyak tiliga tarjima qilinib, ovozlashtiriladi.