
Toshkent shahar hokimligi tomonidan pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohidan foydalanganlik uchun haq to‘lamagan haydovchilarga alohida jarima belgilanishi taklif qilindi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, kodeks «Yo‘l bo‘yidagi pulli to‘xtab turish joyidan foydalanganlik uchun haq to‘lamaslik» haqidagi yangi 128-11-modda bilan to‘ldiriladi. Belgilangan muddatda parking haqini to‘lamaslik yoki to‘lovdan bo‘yin tovlash ikki bazaviy hisoblash miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Amaldagi BHM bo‘yicha jarima 824 ming so‘mni tashkil etadi. 2026-yil 1-sentabrdan BHM 440 ming so‘mga oshirilishi sababli jarima miqdori 880 ming so‘mga yetadi. Jarima avtomobil parkingda qancha vaqt turganiga emas, xizmat uchun to‘lov amalga oshirilmaganiga bog‘liq bo‘ladi.
Qoidabuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari hamda axborot tizimlari ma’lumotlari orqali aniqlash taklif qilinmoqda. Qonunchilik asosida parkingdan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqiga ega fuqarolarga yangi javobgarlik tatbiq etilmaydi.
Yangi tartib davlat hokimiyati organlari tasarrufidagi ko‘chalarda tashkil etilgan pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlariga tegishli bo‘ladi. Shlagbaum o‘rnatilgan xususiy parkinglar mazkur normaga kiritilmaydi, chunki ulardan to‘lovsiz chiqish imkoni mavjud emas.
«Tashabbuskor» nima deydi
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentdagi pulli parkinglardan bir kunda qariyb 15 ming haydovchi foydalanadi. Shulardan faqat 2-3 foizi, ya’ni 300 – 450 nafari xizmat haqini to‘laydi. Amaldagi holat saqlanib qolsa, bir yilda to‘lov amalga oshirilmagan parking holatlari soni 5 mln dan oshishi mumkin.
Hozirgi qonunchilikda pulli yo‘l bo‘yi parkingi uchun haq to‘lamaganlikning o‘zi uchun alohida jarima mavjud emas. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati avvalroq haydovchi faqat to‘xtash taqiqlangan belgi ostida yoki Yo‘l harakati qoidalarida ko‘rsatilgan boshqa taqiqlangan joylarda mashina qoldirganida javobgarlikka tortilishini bildirgan edi.
Hujjat hozircha loyiha hisoblanadi. Qisqa muddatli bepul to‘xtash vaqti joriy etilishi, parkomatlar va individual QR-kodlar o‘rnatilishi hamda transport vositalarini jarima maydonchasiga olib ketish tartibi qanday ishlashi loyiha haqidagi ochiq ma’lumotlarda aniq ko‘rsatilmagan. Jarima faqat qonun qabul qilinib, kuchga kirganidan keyin qo‘llanishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» jarima ballari 12 dan oshgan haydovchilar soni 671 nafarga yetgani haqida yozgan edi.