Yangiliklar

Prezidentga she’r o‘qib bergan bekobodlik qiz Zulfiya mukofotini oldi

Istisno tariqasida
Prezidentga she’r o‘qib bergan bekobodlik qiz Zulfiya mukofotini oldi / Foto: Videodan olindi

Bekobod shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyevga she’r o‘qib bergan yosh mutaxassis Dilnoza Primqulova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini oldi. Mukofotlash to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Mirziyoyevning Bekobod shahriga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda «O‘zmetkombinat» AJ quyuv-prokatlash majmuasi mutaxassisi Dilnoza Primqulova so‘zga chiqdi. U o‘z faoliyati hamda korxonada yoshlarga yaratilayotgan sharoit va ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida so‘zlab berdi.

Dilnoza Primqulova nutqi davomida adabiyot va she’riyatga qiziqishi yuqoriligini, bolaligidan «Zulfiyaxonim qizi» bo‘lishni orzu qilganini aytdi. Shuningdek, u o‘zi yozgan she’rni o‘qib berdi.

Yosh mutaxassisning vatanparvarlik va samimiyat aks etgan she’ri davlat rahbarida iliq taassurot qoldirdi va prezident istisno tariqasida Primqulovani Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish uchun nimalar kerakligi haqida yozgan edik.