Yangiliklar

Qatar amiri bilan uchrashuv va ta’ziya marosimi: prezidentning Dohaga tashrifi qanday o‘tdi

Qatar amiri Mirziyoyevga shaxsan tashrif buyurgani uchun minnatdorchilik bildirdi
Prezidentning Dohaga tashrifi qanday o‘tdi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Qatar sobiq amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish uchun ushbu mamlakatga tashrif buyurdi. Lusail saroyida davlat rahbari Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi.

Foto: President.uz

Muloqot avvalida Mirziyoyev Qatar amiriga otasi – sobiq Amir Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi va marhumning Qatar taraqqiyoti, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari hamda mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishdagi xizmatlari alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, sobiq Amirning O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi qayd etildi.

Foto: President.uz

Strategik sheriklik masalalari muhokama qilindi

Ikki davlat yetakchilari O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi muhim o‘rni hamda xalqaro maydondagi ta’sirini ham alohida e’tirof etdi.

Foto: President.uz

Ta’ziya marosimidagi ishtirok

Tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan o‘tkazilgan ta’ziya marosimida ham ishtirok etdi.

Qatar amiri Mirziyoyevga ushbu sinovli kunlarda shaxsan tashrif buyurib, samimiy hamdardlik bildirgani va do‘stona qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston yetakchisi Qatar amirini o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.

Foto: President.uz

Tashrif dasturi yakunlangach, prezident Dohadan Toshkentga jo‘nab ketdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev XXR Raisiga hamdardlik bildirgan edi.