Yangiliklar

Qirg‘iziston benzin va dizel eksportini muddatsiz taqiqladi

Qarorda nafta, mazut va pech yonilg‘isi uchun istisno belgilangan
Qirg‘iziston benzin va dizel eksportini muddatsiz taqiqladi / Foto: Kursiv Uzbekistan

Qirg‘iziston hukumati mamlakatdan benzin, dizel yonilg‘isi, neft va neft mahsulotlarini olib chiqishga muddatsiz taqiq joriy qildi. Bu haqda Politik CA ma’lum qildi.

Taqiq muddatsiz amal qiladi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, neft va boshqa neft mahsulotlarini avtomobil hamda temir yo‘l transportida eksport qilishga qo‘yilgan taqiq endi muayyan sana bilan cheklanmaydi. Taqiq mamlakat ichki bozori yonilg‘i bilan to‘liq ta’minlangunga yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining yagona neft va neft mahsulotlari bozori ishga tushguniga qadar amal qiladi.

Qaysi mahsulotlarga istisno qo‘llaniladi

Qarorda nafta, mazut va pech yonilg‘isi uchun istisno belgilangan. Ularni faqat Vazirlar Mahkamasining alohida qarori asosida xorijda qayta ishlash maqsadida olib chiqishga ruxsat beriladi. Bunda tayyor mahsulotlar majburiy ravishda Qirg‘izistonga qaytarilishi shart.

Shuningdek, transport vositalarining standart yonilg‘i baklaridagi yonilg‘i mazkur cheklovlarga kiritilmaydi. Bundan tashqari, ayrim turdagi neft va neft mahsulotlarini avtomobil transportida mamlakatga olib kirishga oid istisno muddati 2027-yil 1-aprelgacha uzaytirildi.

Qarordan maqsad nima

Mazkur o‘zgartirishlar mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash, ichki yonilg‘i bozorining barqaror ishlashini saqlash hamda yoqilg‘i taqchilligining oldini olishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, Rossiya Qirg‘iziston uchun yoqilg‘i-moylash materiallarining asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Avvalroq Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari dronlar hujumlari oqibatida yuzaga kelgan uzilishlar sabab yonilg‘i eksportiga vaqtinchalik cheklov joriy etgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda AI-95 benzini Markaziy Osiyodagi eng qimmat narxda sotilayotgani haqida yozgan edik.