Yangiliklar

«Rektorlar maktabi» uchun qabul tartibi tasdiqlandi: u qanday ishlaydi

Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinishi belgilangan
«Rektorlar maktabi» uchun qabul tartibi tasdiqlandi
Foto: newuu.uz

O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori va direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga qaratilgan «Rektorlar maktabi» dasturiga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Hujjatga ko‘ra, dasturda o‘qish istagidagi nomzodlar ochiq tanlov asosida saralanadi. Tanlovda 30 yoshga to‘lgan, kamida magistr akademik darajasiga hamda oliy ta’lim sohasida kamida besh yillik ish tajribasiga ega shaxslar qatnashishi mumkin. Shuningdek, nomzod ushbu tajribaning kamida ikki yili davomida rahbarlik lavozimida ishlagan bo‘lishi talab etiladi.

Qanday bosqichlarda o‘tkaziladi

Qabul jarayoni to‘rt bosqichda o‘tkaziladi. Dastlab nomzodlarning hujjatlari qabul qilinib, belgilangan talablarga muvofiqligi o‘rganiladi. Keyin talabgorlar test sinovi, psixologik baholash va suhbatdan o‘tadi.

Nomzodlarning test, psixologik baholash va suhbatda to‘plagan ballari qo‘shilib, umumiy reyting shakllantiriladi. Eng yuqori natija ko‘rsatgan talabgorlar belgilangan qabul kvotasi doirasida o‘qishga tavsiya etiladi.

Nizomda hujjatlarni topshirish, baholash mezonlari, natijalarni e’lon qilish, apellyatsiya berish hamda qabul jarayonining ochiqligini ta’minlash tartiblari ham belgilangan.

Qachondan ish boshladi

«Rektorlar maktabi» 2026-yil 1-iyuldan «Yangi O‘zbekiston» universitetida yo‘lga qo‘yilgan. Dastur davlat oliy ta’lim muassasalari rahbarligiga istiqbolli nomzodlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan. O‘quv jarayoni onlayn va oflayn shaklda, olti oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.

Tinglovchilar akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, strategik boshqaruv hamda transformatsiya yo‘nalishlarida tayyorlanadi.

Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinishi belgilangan. O‘qish yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti yoki boshqa nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga malaka oshirish uchun yuborilishi mumkin.

Dasturni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga maxsus sertifikat beriladi va ular davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori yoki direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasiga kiritiladi. Kelgusida davlat oliy ta’lim muassasalari rahbarligiga nomzodlar faqat ushbu dasturni tamomlab, tegishli zaxiraga kiritilgan shaxslar orasidan tanlanadi.

Avvalroq «Kursiv» Samarqanddagi ayrim oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etilishi haqida yozgan edi.